Markaziy bank moliya tashkilotlarida oldindan ogohlantirmasdan tekshiruv o‘tkazadi
Adliya vazirligi moliya tashkilotlarida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish talablariga rioya etilishini “sirli mijoz” usulida tekshirish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Nizomga ko‘ra, nazorat tadbirlari oldindan xabardor qilmasdan, joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi.
Adliya vazirligida “Kredit tashkilotlarida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3731, 23.12.2025 y).
Nizomga muvofiq, moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarda tashkilotlar faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, nazorat tadbirlari Markaziy bank yoki uning hududiy filiallari mas’ul xodimlari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi. Bunda tekshiruv tashkilot oldindan xabardor qilinmagan holda o‘tkaziladi.
Nizomda belgilanishicha, nazorat tadbirini o‘tkazish uchun Markaziy bank raisining o‘rinbosari yoki Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘ining farmoyishi chiqariladi.
Shuningdek, nazorat tadbirini o‘tkazish uchun muddat 3 ish kunigacha, davomli operatsiyalar (harakatlar) uchun esa ushbu operatsiya (harakat) yakunlanadigan oxirgi kungacha qilib belgilanadi.
Nazorat tadbiri yakunlangandan so‘ng, “sirli mijoz” tomonidan dalolatnoma tuzilishi nazarda tutilgan.