Musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilarining oyligi oshiriladi

Yangi o‘quv yilidan boshlab respublikadagi 326 ta musiqa va san’at maktabi o‘qituvchilarining ish haqi umumta’lim maktablari pedagoglari oyligiga tenglashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Iyun 2, 2026 - 14:58
 0  2
Musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilarining oyligi oshiriladi

Ta’kidlanishicha, musiqa va san’at ta’limi tizimini yanada rivojlantirish, sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning mehnati munosib rag‘batlantiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, umumta’lim va musiqa maktablari o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarning musiqa asboblarini qay darajada ijro etishiga qarab 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilida kamida 1,5 million nafar o‘quvchini musiqa va san’atga jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadda 326 ta musiqa va san’at maktabi hamda 29 ta ixtisoslashgan maktab bilan umumta’lim muassasalari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Musiqa va san’at maktablarining ijodiy jamoalari umumta’lim maktablarida muntazam konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini tashkil etadi. Shuningdek, har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishlarida tuman, viloyat va respublika bosqichlarida tanlovlar o‘tkaziladi.

Ushbu tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoalarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sahna dekoratsiyalari, liboslar va musiqa asboblari xarid qilish uchun 500 million so‘mgacha grant ajratiladi. Respublika bosqichi g‘oliblari esa madaniyat va san’at oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.