BMT: 2025 yil Ukrainada tinch aholi uchun eng qonli yil bo‘ldi
BMTning Ukrainada inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi 2025 yil davomida tinch aholi orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar haqida hisobot berdi. Eng zaif guruh - front yaqinidagi hududlarda yashovchi keksalar.
Ukrainada 2025 yilda tinch aholi orasidagi qurbonlar soni Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda BMTning Ukrainada inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi (UIHMM) o‘zining oylik hisobotida ma’lum qildi.
UIHMM hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yilda urush bilan bog‘liq zo‘ravonliklar oqibatida Ukrainada 2514 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 12 142 nafar inson yaralangan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 31 foizga ko‘p. Halok bo‘lganlarning qariyb uchdan ikki qismi frontga yaqin hududlarda bo‘lgan. BMT qurbonlar soni ortishini jang harakatlarining faollashuvi va uzoq masofaga zarba beradigan qurollar qo‘llanishining ko‘payishi bilan bog‘lamoqda.
2025 yilda Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilgan eng halokatli uzoq masofali hujum 19 noyabr kuni Ternopilga berilgan zarba bo‘lgan. BMT bahosiga ko‘ra, o‘shanda kamida 38 nafar tinch aholi, jumladan 8 nafar bola halok bo‘lgan. Yana taxminan 99 nafar kishi, shu jumladan 17 nafar bola yaralangan.
BMTning monitoring missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumlari oldida ayniqsa keksalar himoyasiz. 2025 yilda frontga yaqin hududlarda halok bo‘lganlarning qariyb yarmini — 45 foizini 60 yosh va undan katta fuqarolar tashkil etgan. Holbuki, Ukraina umumiy aholisi tarkibida ularning ulushi to‘rtdan birdan oshmaydi.
UIHMM rahbari Daniel Bell ham qisqa masofali dronlardan foydalanish front yonidagi ko‘plab hududlarni “amalda yashash uchun yaroqsiz” qilib qo‘yayotganini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu hududlarda infratuzilma vayron bo‘ladi, davlat xizmatlari ishlashni to‘xtatadi, favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish yoki tinch aholini evakuatsiya qilish esa haddan tashqari xavfli bo‘lib qoladi.