Misr qadimiy kasalliklardan biriga barham berilganini e’lon qildi
Traxoma insoniyatga 3 ming yildan beri ma’lum bo‘lgan bakterial ko‘z infeksiyasi bo‘lib, Misrda uning tarqalish darajasini epidemiologik xavfsiz ko‘rsatkichlargacha pasaytirdi.
Misr Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) traxomani jamoat salomatligi muammosi sifatida bartaraf etgani to‘g‘risida sertifikat oldi. Ushbu voqea yuqumli kasalliklarga qarshi global kurashda katta yutuq bo‘ldi va millionlab odamlarning ko‘rish qobiliyatini himoya qilishga qaratilgan ko‘p yillik milliy loyihani yakunladi.
JSST Misrda traxomaning tarqalish darajasi epidemiologik xavfsiz ko‘rsatkichlargacha pasayganini tan oldi. Mamlakat bu natijaga erishgan dunyodagi 27-davlat bo‘ldi.
Traxoma insoniyatga 3 ming yildan beri ma’lum bo‘lgan bakterial ko‘z infeksiyasidir. Davolanmasa, tuzatib bo‘lmaydigan ko‘rlikka olib kelishi mumkin. Misr tarixan kasallik tarqalishi yuqori bo‘lgan hudud hisoblangan, ammo sog‘liqni saqlash sohasidagi izchil islohotlar vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olish imkonini berdi.
Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi JSST va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda 20 yildan ortiq vaqt davomida quyidagilarni o‘z ichiga olgan SAFE strategiyasini amalga oshirdi: asoratlarni (traxias) jarrohlik yo‘li bilan davolash, infeksiya o‘choqlarida antibiotiklarni ommaviy qo‘llash, yuz tozaligi - gigiyenani mustahkamlash bo‘yicha milliy kampaniyalar, toza suv va sanitariya ta’minotini yaxshilash.
Jumladan, 1-9 yoshli bolalar o‘rtasida kasallanishni keng ko‘lamli xaritalash o‘tkazildi, elektron hisobot tizimi joriy etilib, holatlar ustidan nazorat kuchaytirildi va mahallalarda o‘n minglab o‘quv tadbirlari tashkil etildi. Bularning barchasi infeksiya yuqishini kasallik aholi uchun xavf tug‘dirmaydigan darajaga tushirish imkonini berdi.
Ta’kidlanishicha, bu juda muhim, chunki Misr «abadiy» deb hisoblangan va qashshoqlik bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklarni ham butunlay yo‘q qilish mumkinligini ko‘rsatdi.
Misr erishgan yutuq traxoma hali ham keng tarqalgan boshqa mamlakatlarni ilhomlantiradi - bugungi kunda 100 milliondan ortiq odam xavf ostida qolmoqda.
Misr kasallikning ehtimoliy qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vaziyatni kuzatishda davom etadi.