Bloomberg: Uitkoff Ukraina bo‘yicha «tinchlik rejasi» masalasida Ushakovga maslahatlar bergan
Stiv Uitkoff oktyabr oyida Yuriy Ushakovga Putinning Tramp bilan qanday gaplashishi haqida maslahatlar bergan, shuningdek bu suhbat Zelenskiyning Oq uyga tashrifidan oldin bo‘lishini tavsiya etgani Bloomberg e’lon qilgan rasshifrovkadan ma’lum bo‘ldi.
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bilan telefon orqali suhbatda unga AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha «tinchlik rejasi»ni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga qanday taqdim etish mumkinligi haqida maslahatlar bergan, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonga kelib ulgurmasidan oldin Oq uyga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya etgan. Bu haqda seshanba, 25 noyabr kuni Bloomberg xabar berdi, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, besh daqiqalik telefon suhbati 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lib, uning rasshifrovkasi e’lon qilingan.
Suhbat davomida Rossiya va AQSh prezidentlari uchun «telefon orqali gaplashib olish foydali bo‘lar edi» degan Ushakov fikriga qo‘shilgan Uitkoff unga Putin Tramp bilan suhbatni qanday olib borishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalar beradi. U AQSh prezidentiga Rossiya tomoni uni G‘azo sektoridagi yutuqlari bilan tabriklashini, Trampni «tinchlik odami» deb bilishini va Rossiya Ukraina bilan tinchlik shartnomasi tuzilsa, «xursand bo‘lishini» yetkazishni taklif qilgan.
Rasshifrovkaga ko‘ra, suhbat oxirida Uitkoff Ushakovga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni Oq uyda qabul qilinishi haqida ma’lum qiladi va ushbu uchrashuvdan oldin Putin va Tramp o‘rtasida telefon suhbatini tashkil etishni taklif qiladi. Ushakov esa Uitkoffning maslahatlarini tushunganini va ularni Putin bilan muhokama qilishni rejalashtirayotganini, shundan so‘ng u bilan yana bog‘lanishini aytadi.
Bloomberg eslatishicha, Uitkoff va Ushakov suhbatidan ikki kun o‘tgach, 16 oktyabr kuni Putin va Tramp, chindan ham, Rossiya tomoni tashabbusi bilan telefon orqali gaplashgan. Keyinchalik Tramp 2,5 soat davom etgan ushbu suhbatni «juda samarali» deb atagan va Putin bilan Budapeshtda uchrashish rejalari borligini ma’lum qilgan. Biroq bu sammit oxir-oqibat o‘tkazilmay qolgan.
Suhbat chog‘ida Stiv Uitkoff G‘azo sektorida qilinganidek, 20 banddan iborat tinchlik rejasini ishlab chiqish imkoniyati haqida ham so‘z ochgan.
U, shuningdek, Vladimir Putinga nisbatan «eng chuqur hurmat»da ekanini va tinchlik bitimi tuzish qanchaga tushishini tushunib turganini ta’kidlaydi: «Donetsk (Donbass – tahr.) va, ehtimol, qayerdadir hududlar almashinuvi». «Lekin bunday tarzda gapirish o‘rniga, keling, ko‘proq umid bilan gaplashaylik, chunki o‘ylashimcha, biz bitim tuzishga erishamiz. Va menimcha, Yuriy, prezident menga bitim tuzish uchun kattaroq erkinlik va ixtiyor beradi», — deydi Uitkoff.
21 noyabr kuni Trampning 28 banddan iborat «tinchlik rejasi» taqdim etilgan edi. Ammo keyinchalik uning dastlabki variantiga Ukraina manfaatlarini ko‘proq inobatga oladigan o‘zgartishlar kiritildi.
25 noyabr kuni Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘zining maxsus vakili Uitkoff Moskvada Vladimir Putin bilan ushbu rejadagi «ixtilof keltirib chiqarayotgan bandlar»ni muhokama qilishi haqida ma’lum qildi. Shu bilan bir vaqtda, postda ta’kidlanishicha, Tramp Ukraina bo‘yicha muzokarachi etib tayinlagan AQSh qo‘shinlari vaziri Deniyel Driskoll ham shu mavzu yuzasidan Kiyevda ukrain tomoni bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Bloomberg xabariga izoh berar ekan, Oq uyning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung bu xabar «Uitkoff deyarli har kuni Rossiya va Ukraina vakillari bilan tinchlikka erishish uchun gaplashib turishini, bu esa prezident Tramp uni aynan shu maqsadda tayinlaganini» isbotlashini qayd etdi.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti maslahatchisi Kirill Dmitriyev muhokama qilinayotgan tinchlik rejasiga qaratilgan tanqidlarga munosabat bildirib, 25 noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi mikroblogiga quyidagini yozdi: «Urushdan manfaat ko‘radiganlar tinchlik rejasiga hujum qilish va tinchlik tarafdorlarini obro‘sizlantirish uchun ulkan mablag‘ sarflayapti, chunki urush foyda keltiradi».