Yosh boyvachchalar
Poygachi o‘smir YPX xodimini urib ketdi: tizimli xatolar endi tan olinadimi?
55 ta qoidabuzarlik. Ellik oltinchisi o‘lim bilan tugadi
O‘zbekistonliklar kamera qarshisida aytilgan “pushaymonman, ming bor uzr” degan gaplarni ko‘p eshitgan. Lekin bir necha kun oldingi voqea avvalgilaridan farq qiladi: qoidabuzar bu gal yo‘l-patrul xizmati xodimining umriga zomin bo‘ldi.
Chorshanba kuni kech soat o‘nga yaqin, Toshkentning Mirobod bozori oldida xizmat vazifasini bajarayotgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarovni BMW M4 rusumli mashina urib ketdi. Oradan 3 kun o‘tib, u shifoxonada, 33 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
Guvohnomasiz rulga o‘tirgan, xususiy maktabning 10-sinfida o‘qiydigan Doniyor – odam o‘limiga sabab bo‘lgan paytida boshqa qimmatbaho mashinalar bilan shahar ko‘chalarida poyga o‘ynayotgan bo‘lgan. U panjara ortidan bergan intervyusida o‘z qilmishini “sho‘xlik” deb atadi. Afsuski, yigitchaning bu “sho‘xligi” ortidan 3 nafar yosh bola otasiz qoldi... Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘smir hibsga olindi.
Jamiyatda katta rezonans uyg‘otayotgan boshqa voqealar kabi, bu avariya ham bir kunda, to‘satdan ro‘y berib qolmagan: hodisa uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan voqealar va ongli qarorlar xronologiyasining fojiaviy kulminatsiyasi bo‘lgan. Bir tomondan, muqaddam bir necha marta qo‘llangan jarimalar bolasiga tarbiya bermagan badavlat otaning ko‘zini ochmagan bo‘lsa, boshqa tomondan mas’ul idoralar uzoq yillardan beri qoidabuzarlarning boshini silab kelayotgan, ustiga ustak oxirgi yillarda ko‘payib ketgan ko‘cha poygalariga panja ortidan qarayotgan edi.
Jamiyatdagi qonun-qoidalarga mutlaqo tupurib qo‘yib, odamlar hayotiga xavf solayotgan kimsalarga nisbatan davlatning mash’um bag‘rikengligi – aynan shu keysda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ma’lum bo‘lishicha, BMW M4 avtomobili Leyla Atadjanova ismli shaxsga tegishli bo‘lib, u 2024 yildan hozirgacha kamida 18 marta mashinani boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga haydash uchun bergan, yana 37 marta boshqa turdagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. “Jamoat xavfsizligi” deb boshlanuvchi uzundan uzun nomga ega tuzilmalar esa, qisqa vaqtda 55 marta qoidabuzish faktini jamoat xavfsizligiga tahdid deb hisoblamay yuravergan. Ehtimolki, “qoidabuzarlik ko‘p bo‘lsa, tushum ham ko‘p bo‘ladi” degan buzuq prinsipda ish tutilgan... Oxir-oqibat, 56-qoidabuzarlik ana shu tuzilmaning o‘z vakilini hayotdan olib ketdi.
Doniyorning otasi intervyusida o‘g‘liga “loqayd” munosabatda bo‘lganini aytadi. Xuddi shunday, amaldorlar ham yillar davomida yo‘llardagi potensial qotillarni shunday erkalatib kelyapti. “Pushaymonman, ko‘zim ochildi, ming bor uzr” degan gaplarni aytish navbati allaqachon tizim rahbarlariga ham yetib kelgan. Tegishli idoralar yo‘l harakati sohasidagi tishsiz qonunlarni o‘tkirlashtirib, jazolar muqarrar va preventiv xarakterga ega bo‘lishini ta’minlamas ekan, hammasi eski hammom, eski toskiligicha qolaveradi.
IIV marhum xodimini “fidokorona xizmat qilgan qahramon o‘g‘lon” deb ta’riflagan bo‘lsa-da, bu takalluf qanchalik samimiy ekaniga vaqt o‘tishi bilan, voqealar rivojiga qarab baho bersak bo‘ladi: agar vazirlik rahbariyati ana shu qahramon o‘g‘lonning vafoti haqqi-hurmati ko‘chalardagi g‘irt yovvoyi muhitni tartibga keltirmasa, unda vazirlikning nekrologi shunchaki rasmiyatchilik bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin.
“Yuzta tanishing bo‘lsin...”
Haftaning yana bir antiqahramoni – 23 yoshli Asadbek Jumayev. U avtomobillarni tyuning qilish bilan shug‘ullanadigan Uzbelas Performance nomli avtoservisni boshqaradi. YouTube'dagi videolariga qaraganda, o‘zi va do‘stlarini Toshkentning “yosh boyvachchalari” deb ataydi. Migalka va sirena o‘rnatilgan qimmatbaho ulovlar bilan qo‘shtirnoq ichida “obro‘” qozongan. Shahar ko‘chalarida qoidabuzar sheriklari bilan drift qilish, shashka yurish kabi yo‘l bezoriligini bir necha marta sodir etgan.
Asadbek va Doniyor – o‘zaro tanish. Ularni yanvar oyida shov-shuv bo‘lgan ikkita BMW (X5 va X7) voqeasi bog‘lab turadi. O‘shanda Doniyor avtoraqam taqilmagan, migalka o‘rnatilgan X5'ni boshqarib, YPX xodimlarining buyrug‘iga javoban to‘xtagandek bo‘lgan, lekin keyin kalaka qilgandek qochib ketgan. O‘sha voqea videosini internetga Asadbek joylagan va buning uchun, o‘zining aytishicha, boshqalar 15 sutkaga qamaladigan joyda u tanish-bilishlarini ishga solib, “o‘nta minimalka” bilan qutulib ketgan. Jumayev instablogerga bergan intervyusida bu qilmishidan “faxrlanishini”ni urg‘ulaydi:
— Kimdir bu narsaning orqasidan 15 sutkaga kirib ketoladi, no biza kichkina “shtraf” bilan “otdelatsya” qildik. V razmere desyati minimal. [...] Ne imey sto rubley, a imey sto druzey.
— 2-3 yildan keyin shu videoni ko‘rsangiz, sizda qanaqa reaksiya bo‘ladi?
— Baribir faxrlanaman. Baribir faxrlanaman... Da, mojyet byt, biza yaxshi ish qilmadik, no baribir faxrlanaman. Chunki, kak minimum, my jivyom svoyu jiznyu, kotoruyu zapomnim.
O‘shanda sud Asadbek Jumayevni organ xodimlarini obro‘sizlantiruvchi video tarqatishda ayblab, bu qilmish uchun minimal jazo – BHMning 20 baravari miqdorida jarima tayinlagan. Ehtimolki, u jarimani 15 kunda to‘lab, 50 foizlik imtiyozdan foydalangan, shu sababli ham intervyuda “o‘nta minimalka” degan bo‘lishi mumkin.
Taqdirning hazilini qarangki, Asadbekning bu intervyusi internetda muhokamalarga sabab bo‘lishi – Doniyor YPX xodimini urib ketishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Qonunni mensimayotgan ikki badavlat yigitchaning qilmishlari ketma-ket ommaga chiqishi – tarmoqlardagi rezonans olovini battar alangalatib yubordi.
IIBB Asadbekni ham kamera qarshisida uzr so‘rattirdi, prokuratura esa yanvar oyi boshidagi sud qaroriga protest kiritdi. Natijada qaror bekor qilinib, jazo og‘irlashtirildi: maqtanchoq qoidabuzar juma kuni 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Ma’lumot uchun, 10 sutka – organ xodimlarini obro‘sizlantirish moddasi bo‘yicha beriladigan maksimal jazo demakdir.