Sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bugun dunyoda daryo, kanal, suv omborlari va ko‘llar bo‘yida turizm, dam olish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik hududlarini tashkil etish katta iqtisodiy yo‘nalishga aylangan. Bunday loyihalar ko‘chmas mulk va yer uchastkalari qiymatini oshirish, tuman va shaharlar iqtisodiyotini jonlantirish, ichki turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Jahon tajribasida suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan 1 dollar sarmoyaning iqtisodiy qaytimi 3-10 dollar atrofida baholanadi.
Shu bois, mutasaddilar va hokimlar suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish ustida tizimli ishlashi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qator yangi imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, qirg‘oqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab bo‘layotgan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy ko‘l va gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi. Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda mazkur imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatildi. Suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini ta’minlab, yiliga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbaini yaratish mumkin.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Kosmik tadqiqotlar agentligiga daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al hajmini aniq hisoblash va tegishli idoralarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Mamlakatda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shu bois, sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.
Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.