Shavkat Mirziyoyev Pokiston rahbariyatiga ta’ziya yo‘lladi
Prezident Belujiston viloyatidagi terrorchilik harakati oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonning Kvetta shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan prezident Asif Ali Zardoriy va bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘lladi.
Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
24 may kuni Pokiston janubi-g‘arbidagi Belujiston viloyatida xudkush-terrorchi tomonidan amalga oshirilgan portlash oqibatida 23 kishi halok bo‘lib, kamida 70 kishi yaralandi.
Bu vaqtda harbiy xizmatchilarni olib ketayotgan poyezd hudud ma’muriy markazi hisoblangan Kvetta shahri orqali o‘tayotgandi. Poyezdning ikki vagoni ag‘darilib, yonib ketdi, yaqin atrofda turgan avtomobillar, bir nechta uylar va temiryo‘l liniyasi yaqinida joylashgan binolar shikastlandi.
AFP agentligi mahalliy rasmiylarga tayanib xabar berishicha, vagonlardan biriga «portlovchi moddalar o‘rnatilgan avtomobil» kelib urilgan va bu «kuchli portlash» keltirib chiqargan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z mustaqil davlatini qurish uchun kurashib keluvchi «Belujiston ozodlik armiyasi» ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.