Tramp Eron portlarini qamal qilmoqchi, biroq unga yordam beruvchilar topilmadi – NYT
AQSh prezidenti Donald Trampning Eron portlarini to‘liq qamal qilish haqidagi bayonoti uning Tehronni bo‘ysundirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini xalqaro kemalar qatnovi uchun qayta ochish urinishlarida navbatdagi kutilmagan burilish bo‘ldi.
13 apreldan boshlab AQSh harbiy-dengiz kuchlari Eron portlariga kirishni to‘sib qo‘yishni va xavfsiz o‘tish uchun Eronga pul to‘laydigan har qanday kemani ushlab qolishni rejalashtirmoqda.
«Umid qilamizki, ko‘plab davlatlar bu borada bizga yordam beradi», degan edi Tramp.
The New York Times gazetasining yozishicha, Trampning chaqirig‘iga qaramay, hali hech bir davlat ushbu tashabbusga qo‘shilish istagini bildirmagan. Ko‘pgina davlatlar bu g‘oyaga izoh berishdan ham o‘zini tiydi.
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘z mamlakati blokadani qo‘llab-quvvatlamasligini, avstraliyalik hamkasbi Entoni Albaneze esa uning hukumatiga yordam so‘rab murojaat qilinmaganini ochiq aytgan.
Bundan tashqari, Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles Tramp taklif qilgan blokadaning «ma’nosi yo‘qligini» aytdi.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Trampning to‘satdan blokada e’lon qilishi shundoq ham birjalardagi tushkun kayfiyatni yaxshilamagan. 13 aprel kuni neft narxi keskin ko‘tarildi, aksiyalar esa tushib ketdi, bu esa investorlar qamal mintaqadagi urush keltirgan zararni tezda bartaraf etishini kutmayotganidan dalolat beradi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiy-dengiz kuchlari 13 apreldan boshlab Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadaga olishini ma’lum qilgan edi. Keyinroq AQSh Markaziy qo‘mondonligi Amerika kuchlari bo‘g‘oz orqali Eronniki bo‘lmagan portlarga va ulardan kelayotgan kemalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligini aytdi.
Kemalarni kuzatish bo‘yicha mutaxassislar blokadani ta’minlash imkoniyatiga shubha bildirdi va kuzatuvdan qochish uchun kemalar foydalanishi mumkin bo‘lgan hiylalarni, masalan, identifikatsiya ma’lumotlarini o‘zgartirishini ta’kidladi. Tanker Trackers kompaniyasi Eron bilan bog‘liq bir qator tankerlar AIS ma’lumotlarini o‘zgartirish orqali Saudiya Arabistoni va Iroq portlariga soxta kirishlar qilgani sababli vaziyat yanada murakkablashishi haqida yozgan edi.