Turkiya O‘zbekistonga Qurolli kuchlarni isloh qilishda ko‘maklashadi
Anqara O‘zbekistonga Qurolli kuchlarni isloh qilishga ko‘maklashish uchun maslahat guruhini yubordi.
Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler Anqara O‘zbekistonga Qurolli kuchlarni isloh qilishga ko‘maklashish uchun maslahat guruhini yuborganini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiyaning Sabah nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «do‘stona va qardosh mamlakatlar» Turkiya namunasidagi armiya tuzilmalarini yaratishdan manfaatdor va «O‘zbekiston shu mamlakatlardan biridir». Uning aniqlik kiritishicha, ilgari Ozarboyjonda bo‘lgani kabi O‘zbekistonga ham harbiy maslahatchilar guruhi yuborilgan.
2026 yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirlari qo‘shma mashg‘ulotlar, kadrlar tayyorlash va harbiy-tibbiy hamkorlikni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan hamkorlik rejasini imzolagan edi.
Ta’kidlanishicha, Turkiya O‘zbekistonda qo‘llayotgan model Ozarboyjonda allaqachon sinovdan o‘tgan. 2021 yilda u yerda Shusha deklaratsiyasi imzolanganidan keyin harbiy hamkorlik tizimli tus oldi. Ushbu hujjat ittifoqchilik munosabatlarini, jumladan, harbiy integratsiya elementlari va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash majburiyatlarini mustahkamladi. Ushbu hamkorlik doirasida Boku armiyani Turkiya standartlariga muvofiq modernizatsiya qildi, qo‘shma mashg‘ulotlar sonini oshirdi va mudofaa sanoatida, jumladan, Bayraktar dronlaridan foydalanishda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.