Ukraina Moskvadagi parad paytida Qizil maydonga zarba bermaydi

Prezident Volodimir Zelenskiy shu haqdagi farmonni imzoladi.

May 9, 2026 - 07:29
 0  316
Ukraina Moskvadagi parad paytida Qizil maydonga zarba bermaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 may kuni Moskvada o‘tkaziladigan harbiy parad paytida Qizil maydonga zarba bermaslik haqidagi farmonni imzoladi.

Farmon bilan maydon hududi «kvadrati» Ukraina qurollarini qo‘llash rejasidan chiqarib tashlangan. Hujjatda cheklov qo‘llaniladigan kvadratning aniq koordinatalari ko‘rsatilgan. Zelenskiy bu qarorni «ko‘p sonli iltimoslar» va 8 may kuni Amerika tomoni bilan muzokaralarda belgilangan gumanitar maqsad bilan izohladi.

Ukraina prezidenti Rossiya tomonidan e’lon qilingan vaqtinchalik otashkesim shartlariga amal etishga tayyorligi haqida rossiyaliklarni ogohlantirganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan 9 may kuni e’lon qilingan 1000 ga 1000 formatida asirlar almashinuvi haqidagi gumanitar masala qo‘shimcha argument bo‘lganini tasdiqladi.

«Qizil maydon biz uchun vatanga qaytarilishi mumkin bo‘lgan ukrainalik asirlarning hayotidan ko‘ra kamroq ahamiyatga ega», deb yozdi u.

Farmon AQSh prezidenti Donald Tramp 9-11 may kunlari Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushda uch kunlik sulh e’lon qilganidan keyin imzolandi.

4 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi, agar Ukraina hukumati G‘alabaning 81 yilligini nishonlashga xalaqit berishga harakat qilsa, Kiyev markaziga «ommaviy raketa hujumi» bilan tahdid qildi va Ukraina poytaxtining tinch aholisi va xorijiy diplomatik vakolatxonalar xodimlarini «shaharni o‘z vaqtida tark etishga» chaqirdi.

Bu yilgi Qizil maydondagi G‘alaba paradi 18 yil ichida birinchi marta harbiy texnikalarsiz, shuningdek, suvorovchilar, naximovchilar va kadetlar ishtirokisiz o‘tkaziladi - Rossiya Mudofaa vazirligi buni «operativ vaziyat» bilan izohladi. Paradda Rossiyaga yaqin davlatlar yetakchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda.