Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi quriladi

Unda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obektlari quriladi. Majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Mart 25, 2026 - 06:39
 0  14
Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obektlari quriladi. Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakat boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.