AQSHda yuk samolyoti qulab tushdi, qurbonlar bor
AQSHning Kentukki shtatida yuklar ortilgan MD-11 samolyoti havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay, qulab tushdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyot UPS kompaniyasiga tegishli boʻlgan. U Luisvilldagi Muhammad Ali xalqaro aeroporti yaqinida halokatga uchragan. Hodisaga samolyot dvigatelining yonib ketishi sabab boʻlgani taxmin qilinmoqda. Samolyot qulagan joyda yong‘in chiqib, osmonga qora tutun koʻtarilgan.
Kentukki shtati gubernatori Endi Beshir kamida 7 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi esa jarohat olganini aytdi. Ulardan aksariyatining ahvoli ogʻir. Beshir bu raqamlar tergov davomida ortishi mumkinligidan ogohlantirdi. Luisvill meri Kreyg Grinberg esa “shahardagi barcha favqulodda xizmatlar hodisa joyiga yetib borganini” aytdi.
Ekipaj taqdiri noma’lum
Gubernator Beshir samolyot bortidagi ekipaj a’zolari taqdiri hali noma’lumligini aytdi. “Videodagi tasvirlarni ko‘rgan har kim bu halokat naqadar kuchli bo‘lganini biladi”, dedi u.
Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) va Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) UPS’ning 2976-reysi halokatini tergov qilmoqda. Tergov jarayonini NTSB olib boradi.