Bitkoin kursi 100 ming dollardan tushib ketdi
Bitkoin narxi 4-noyabr kuni Binance kriptobirjasida 100 ming dollardan pastga tushdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Bitkoin narxi 4-noyabr kuni Binance kriptobirjasida 100 ming dollardan pastga tushdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bitkoin kursi 99 600 dollargacha pasaygan, bu 23-iyundan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Keyinchalik kriptovalyuta narxi bir necha bor 100 ming dollardan yuqoriga ko‘tarilgan.
Kriptoaktivlar narxining keskin pasayishi natijasida bitkoin, Ethereum va Solana kabi kriptovalyutalarga sarmoya kiritgan treyderlar milliardlab dollar zarar ko‘rdi. Coinglass ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida majburiy savdo yopilishlari (likvidatsiyalar) hajmi 1,4 milliard dollarga yaqin bo‘lgan.
Kriptovalyutalar kursining tushishi fonida investorlar orasida “ekstremal qo‘rquv” kayfiyati kuchaygan. Alternative servisi ma’lumotiga ko‘ra, kriptobozorning “qo‘rquv indeksi” 100 balldan 21 ballgacha pasaygan. Bu oktyabr o‘rtalaridan beri eng past darajadir. Bu holat bozordagi ishtirokchilar jiddiy xavotirda ekanini va kriptovalyutalarni ommaviy sotish tendensiyasi kuchayganini anglatadi.
- Prognozlar
O‘tgan hafta bitkoin narxi 108 ming dollardan yuqori bo‘lgan paytda Glassnode tahlil kompaniyasi kriptovalyutaga talab pastligi sababli narxlarning yanada tushish xavfini qayd etgandi. FxPro bozorining bosh tahlilchisi Aleks Kuptsikevich Coindesk nashriga shunday dedi:
“Kriptovalyuta bozori mahalliy tubdan chiqishga urinmoqda... Xaridorlar tez orada kurslarning yangi ko‘tarilishiga asos topishlari mumkin”.
Mutaxassislar fikricha, hozirgi pasayish salbiy ssenariyga qaytishdan ko‘ra, ko‘tarilish tendensiyasi doirasidagi qisqa muddatli barqarorlashuv sifatida baholanmoqda.
“Bitkoinning yetti yil ichidagi birinchi ‘qizil oktyabri’ e’tiborni tortdi, biroq men buni tuzilmaviy o‘zgarishdan ko‘ra sog‘lom qayta tiklanish deb bilaman. Joriy pasayish global o‘sish tendensiyasi doirasidagi konsolidatsiyaga o‘xshaydi — bu davrda uzoq muddatli egalar aktivlarni to‘plashni davom ettirmoqda”, deydi SynFutures bosh direktori Reychel Lin.