Green Card’ga ariza topshirish uchun 1 dollar to‘lov joriy etiladi
AQSH Davlat departamenti 16-sentyabr kuni Diversity Visa (DV) ya’ni Green Card’ga ariza topshirish uchun 1 dollar to‘lov joriy etilishini ma’lum qildi.
“Bu o‘zgarish, lotereyada ishtirok etmoqchi bo‘lganlarga xarajatlarni teng taqsimlash imkonini beradi. Endi bu xarajatlar faqatgina g‘olib bo‘lgan kam sonli ishtirokchilarga emas, balki barcha ro‘yxatdan o‘tganlarga taalluqli bo‘ladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Avval qanday edi?
Avval xarajatlar faqatgina g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar tomonidan to‘lanadigan 330 dollar miqdoridagi to‘lovga kiritilgandi. Endilikda esa, 1 dollar to‘lov barcha ishtirokchilarga tatbiq etiladi, bu esa xarajatni ko‘pchilik orasida teng taqsimlashga xizmat qiladi.
Davlat departamenti bu o‘zgarish soxta ro‘yxatdan o‘tish holatlarini kamaytirishiga urg‘u bermoqda — ya’ni lotoreyadan foyda ko‘rishga urinayotgan firibgarlar soni qisqarishi kutilmoqda.
Green Card o‘zi nima?
Green Card chet el fuqarolariga AQSHda rasman ishlash imkonini beruvchi shaxsni tasdiqlovchi hujjatdir. Bu viza lotereyasi bo‘lib, unda ishtirok etish uchun talabgorlardan maxsus arizani to‘ldirish talab etiladi. Har yili butun dunyo bo‘ylab minglab aholi lotereyani yutib oladi va AQSHga rasman ko‘chib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ariza berish jarayoni taxminan oktyabr oyida boshlansa, natijalar may oylarida e‘lon qilinadi. Bundan muvafaqqiyatli o‘tgan shaxslar navbatdagi jarayonda, ya’ni haqiyqiy kartani olish uchun ham bir necha oy kutishiga to‘g‘ri keladi.