Indoneziyada toshqin oqibatida 15 kishi, asosan bolalar halok bo‘ldi

Indoneziyaning eng sharqiy hududi — Papua provinsiyasida daryo toshqini oqibatida 15 kishi, asosan bolalar halok bo‘ldi. Bu haqda The Straits Times xabar berdi.

Noyabr 7, 2025 - 04:54
 0  616
Indoneziyada toshqin oqibatida 15 kishi, asosan bolalar halok bo‘ldi

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, ular 1-noyabr kuni Nduga mintaqasidagi olis Dal qishlog‘ida daryodan o‘tishga uringan. Shu tariqa ularni suv oqimi oqizib ketgan. Politsiya boshlig‘i Alfredo Agustinus Rumbiakning aytishicha, halok bo‘lganlar 8 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lgan.

Hozircha faqat bir jasad topilgan, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda. Rumbiakga ko‘ra, bolalar ota-onalari bilan daryodan o‘tayotgan paytda suv to‘satdan ko‘tarilib, ularni oqizib ketgan. Tog‘li hudud bo‘lgani sababli qidiruv ishlarida qiyinchilik tug‘ilmoqda.

Xuddi shu kuni yaqin atrofdagi yana bir qishloqda ham sakkiz nafar bola suv toshqini oqibatida bedarak yo‘qolgani aytilmoqda — ularni ham izlash davom etmoqda. Indoneziya favqulodda vaziyatlar agentligi Papua provinsiyasida kuchli yomg‘ir davom etayotganini aytib, aholiga ehtiyot choralarini ko‘rishni maslahat bermoqda. Politsiya Nduga mintaqasi “qizil zona” — ya’ni qurolli to‘qnashuvlar ro‘y beradigan hudud ekanini, bu esa qidiruv ishlarini yanada murakkablashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.

Papua 1969-yilda BMT nazorati ostida o‘tkazilgan referendumdan so‘ng Indoneziya tarkibiga kirgan. Shundan beri hududdagi separatist guruhlar mustaqillik uchun kurash olib bormoqda. Mintaqada 2018-yilda ko‘prik qurayotgan o‘nlab ishchilar o‘ldirilgan, 2023-yilda esa yangi zelandiyalik uchuvchi o‘g‘irlab ketilib, 19 oy o‘tib ozod qilingan edi.