Zelenskiy Tramp bilan «imkon qadar tezroq» uchrashmoqchi
Ukraina yetakchisi AQSh prezidenti bilan hududiy yon berishlarni shaxsan muhokama qilmoqchi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tinchlik kelishuvi ustidagi ishlarni yakunlash uchun AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan «imkon qadar tezroq» uchrashmoqchi.
Bu haqda Axios nashriga Ukraina yetakchisi ofisi rahbari Andrey Yermak xabar berdi. Bu 27 noyabr, «Shukronalik kuni»da sodir bo‘lishi mumkin, deb qo‘shimcha qildi u.
«Umid qilamanki, prezident Zelenskiyning tashrifi imkon qadar tezroq amalga oshadi, chunki... bu prezident Trampga ushbu urushni to‘xtatish bo‘yicha tarixiy missiyasini davom ettirishga yordam beradi», dedi Yermak.
Avvalroq, AQSh ma’muriyati Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha 28 banddan iborat tinchlik kelishuvi rejasini taqdim qilgan edi. Ukraina bilan muzokaralardan so‘ng, rejadan 9 ta band olib tashlandi.
Axios nashrining qayd qilishicha, rejaning katta qismi allaqachon Ukraina bilan kelishilgan, ammo hududiy yon berishlar asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda - Zelenskiy aynan shu masalani Tramp bilan bevosita muhokama qilmoqchi.