Qozogʻistonda 18 ta tishini narkoz olib davolatgan 3 yashar qiz vafot etdi

Qozogʻistonda 18 ta tishini narkoz ostida davolatgan uch yoshli qizcha vafot etdi. Qizchaning o‘limi yuzasidan sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Tenrginews xabar berdi.

Dekabr 7, 2025 - 10:43
Dekabr 26, 2025 - 02:50
 0  1151
Qozogʻistonda 18 ta tishini narkoz olib davolatgan 3 yashar qiz vafot etdi

Qozogʻistonda 18 ta tishini narkoz ostida davolatgan uch yoshli qizcha vafot etdi. Qizchaning o‘limi yuzasidan sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Tenrginews xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2024-yil 30-oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Qizcha 3,5 soatdan ortiq davom etgan narkozdan so‘ng hushiga kelmagan. Marhumaning otasi shifokorlar davolash jarayonini bir necha bosqichga bo‘lish o‘rniga, bir vaqtning o‘zida 18 ta tishni davolashga qaror qilganini aytgan.

Sudlanuvchi sifatida anesteziolog ishtirok etmoqda. Davolashni amalga oshirgan stomatolog esa sud majlisiga kelmagan. Ish Jinoyat kodeksining 317-moddasi 3-qismi — “Tibbiyot xodimining kasbiy majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligi oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish” moddasi asosida ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchi uch yilgacha muayyan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilgan holda to‘rt yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

25-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokuror ekspertiza xulosalarini o‘qib eshittirdi. Unga koʻra, mutaxassislar tibbiy hujjatlarda bir qator qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan. Jumladan, stomatologik karta mavjud emas, rozilik hujjati noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan, konsultatsiyalar bo‘yicha qaydlar yo‘q.

Shuningdek, qo‘yilgan tashxislar kasallikning haqiqiy holatini aks ettirmagan, qo‘llangan ayrim dori vositalari esa tibbiy hujjatlarda qayd etilmagan. Ketotifen, suprastin va kalsiy preparatlari yuborilgani aniqlandi. Ammo ular tibbiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan.

Anesteziolog qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa ham, narkoz berish jarayonini boshlagan va davom ettirgan. Bundan tashqari, ekspertiza ma’lumotlariga ko‘ra, anesteziolog aralashuvni qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lishiga qaramay amalga oshirgan. Jumladan, trombotsitlar va elektrolitlar darajasi pasaygan, pediatr maslahati olinmagan, bola to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilmagan, EKG, tor mutaxassislar ko‘rigi va rentgen tekshiruvi bajarilmagan.

“Anesteziolog bemor ahvoli yomonlashayotgan bir paytda noo‘rin ravishda anesteziyani chuqurlashtirgan. Soat 13:55 da anestezik preparat uzatilishi to‘xtatilgan. Qon bosimi 80 gacha tushgan. 13:58 da esa anesteziolog yana anestezik uzatilishini 8 foizgacha oshirib, bemorni qayta narkoz holatiga kiritgan. Narkoz vaqtida ham, ahvol yomonlashgandan keyin ham kardiomonitoring o‘tkazilmagan. Ahvoli og‘irlashgan vaqtda kardiostimulyatsiya maqsadida bolalarning yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan 0,1 mg dozada adrenalin yuborilgan”, dedi prokuror.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qizchaning o‘limi gipoksiya (kislorod yetishmasligi) sabab yuz bergan, bu esa miya shishiga olib kelgan.