Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun kemalardan to‘lov undira boshladi
Mavzu bilan tanish bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, bitta kema uchun 2 million dollar miqdoridagi to‘lov undirishga harakat qilinmoqda
Eron hukumati kema ekipajlaridan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzit uchun to‘lov undirishni boshladi. Bu haqda Bloomberg ma’lumotlariga tayanib Investing xabar berdi.
«Mavzu bilan tanish bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, bitta kema uchun 2 million dollar miqdoridagi to‘lovni muayyan holatga qarab undirishga harakat qilinmoqda, bu aslida dengiz yo‘lidan foydalanganlik uchun norasmiy bojga teng. Manbalarning ta’kidlashicha, ba’zi kemalar to‘lovni amalga oshirgan, biroq to‘lov mexanizmi, jumladan, qaysi valutada ekani aniq emas va bu tizimli amaliyotga o‘xshamaydi», deyiladi agentlik xabarida.
Suhbatdoshlarning ta’kidlashicha, to‘lov ommaviy e’lon qilinmasdan amalga oshirilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotga izoh bermadi.
Manbalardan birining aytishicha, Tehron mojaroni hal qilish bo‘yicha keng ko‘lamli kelishuv doirasida bunday bojlarni undirishga rasmiy maqom berish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda.
Biroq, manbalarning ta’kidlashicha, bunday to‘lovlar, hatto norasmiy bo‘lsa ham, Fors ko‘rfazi mamlakatlari uchun nomaqbul bo‘lib, ular buni o‘z suverenitetiga tahdid, xavfli pretsedent va energiya resurslarini eksport qilish uchun zarur bo‘lgan dengiz yo‘li - Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni suiiste’mol qilish deb hisoblaydi.
Mintaqada mojaro boshlanganidan beri faqat oz sonli kemalar bo‘g‘ozdan o‘tgan, ularning aksariyati Eron bilan bog‘liq.