Ispaniyada bosh vazir rafiqasi korrupsiya ishi bo‘yicha ayblanmoqda

Ikki yillik tergovdan so‘ng Ispaniya bosh vazirining rafiqasiga ta’sir doirasidan foydalanish va mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi. Begonya Gomes va Pedro Sanches ayblarni rad etmoqda.

Aprel 14, 2026 - 05:24
 0  40
Ispaniyada bosh vazir rafiqasi korrupsiya ishi bo‘yicha ayblanmoqda

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning rafiqasi Begonya Gomesga ikki yillik tergovdan keyin korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yildi. Bu haqda 13 aprel, dushanba kuni kechqurun AFP agentligi xabar berdi.

Shu kuni e’lon qilingan sud hujjatiga ko‘ra, 55 yoshli Gomes ta’sir doirasidan noqonuniy foydalanish, biznesda korrupsiya, mablag‘larni o‘zlashtirish va isrof qilishda ayblanmoqda. Unga nisbatan tergov 2024 yil aprel oyida sudya Xuan Karlos Peynado tashabbusi bilan boshlangan.

Tergovchilar diqqat markazida Begonya Gomesning shaxsiy loyihasi — Madriddagi Komplutense universitetida tashkil etilgan “Raqobatbardosh ijtimoiy transformatsiya” nomli kafedra bo‘lgan. Mutaxassislar fikricha, nomi ham ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lgan bunday kafedrani ochishga aslida hech qanday ehtiyoj bo‘lmagan, uni tashkil etish uchun esa universitet rahbariyatiga bosim o‘tkazilgan. Tergov boshlanganidan keyin ushbu kafedra “na ilmiy, na amaliy ma’noga ega” deb topilib, yopilgan.

2024 yil oktyabr oyida tergov yanada kengaytirilgan. Bunga o‘ta o‘ng Hazte Oír tashkiloti tomonidan bosh vazir rafiqasiga qarshi da’vo kiritilib, u Madriddagi Komplutense universitetining dasturiy ta’minotini noqonuniy o‘zlashtirishda gumon qilingani sabab bo‘lgan.

Gomesga nisbatan yana bir ehtimoliy qoidabuzarlik sifatida, davlat maoshi oladigan amaldor Kristina Alvaresni o‘zining shaxsiy biznes loyihalarida yordamchi sifatida noqonuniy ishlatgani ko‘rsatilmoqda.

Begonya Gomes ham, uning turmush o‘rtog‘i Pedro Sanches ham o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda. Sanches bu tergovni o‘ng qanot muxolifati tomonidan uning hukumatini izdan chiqarishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi deb atagan. AFP agentligi eslatishicha, “uning eng yaqin atrofidagi korrupsiya holatlari sababli sotsialist bosh vazir kuchli bosim ostida qolmoqda, shu munosabat bilan muxolifat uning iste’fosini talab qilmoqda”.