Rossiyadagi eng yirik fosforli o‘g‘it zavodi yana dronlar hujumiga uchradi

Vologda viloyatida joylashgan, Yevropadagi ammiak ishlab chiqaruvchi eng yirik zavod bir oy ichida ikkinchi marta dronlar hujumiga uchradi.

Aprel 14, 2026 - 05:22
 0  37
Rossiyadagi eng yirik fosforli o‘g‘it zavodi yana dronlar hujumiga uchradi

Ukrainaning uchuvchisiz qurilmalari 13 aprel, dushanba kuni Vologda viloyatiga hujum qildi. ASTRA va Exilenova+ Telegram-kanallari guvohlar videolarini tahlil qilgan holda, zarba ehtimol “FosAgro” guruhi tarkibiga kiruvchi yirik korxona — “Apatit” AJning Cherepovets filiali azot majmuasiga berilganini yozdi.

Vologda viloyati gubernatori Georgiy Filimonovning yozishicha, 13 ta dron “Cherepovets sanoat maydoniga yetib kelmasidan avval” urib tushirilgan. U hujum oqibatlari haqida ma’lumot bermagan. Astra nashrining yozishicha, korxona yaqinidagi yo‘l uchastkasida olingan guvoh videosini tahlil qilish natijasida zavod hududida kamida ikki joyda yong‘in chiqqanini ko‘rish mumkin.

Ukrainaning Exilenova+ OSINT-loyihasi ma’lum qilishicha, videoga ko‘ra, qora tutun yillik umumiy quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi uchta ammiak sexidan ko‘tarilayotgan bo‘lishi mumkin. “Shuningdek, mazkur sexlarga tegishli ammiak saqlash omboriga ham zarba tekkan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilmoqda. Bu ombor to‘liq bosqin boshlanganidan keyin dronlar zarbasidan himoya qilish uchun maxsus metall konstruksiya bilan qo‘shimcha yopilgan edi”, — deb yozadi Exilenova+.

Telegram-kanal ta’kidlashicha, ushbu zavod Rossiyadagi ammiak ishlab chiqarishning taxminan 6 foizini ta’minlaydi. Ammiak esa portlovchi moddalar va porox ishlab chiqarishda ham qo‘llanadi. Bu Yevropadagi fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan eng yirik zavod hisoblanadi. U avval ham — 27 martga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujumiga uchragan edi.