Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi
Davlat rahbari faxriylarni, butun el-yurtni chin dildan qutlab, sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlarga tinchlik va xotirjamlik, fayzu baraka tiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi.
«Siz, azizlarni, ko‘p millatli butun xalqimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat ko‘rsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo‘shgan qahramon ota-bobolarimizning so‘nmas xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sog‘-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz. Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan azmu shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz», deyiladi tabrik so‘zida.
Ta’kidlanishicha, fashizmga qarshi urushda o‘sha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat bo‘lgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan. Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘lib, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Urush davrida 214 ming nafar o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbek xalqi urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat ko‘rsatdi.
«Bugungi g‘oyat tahlikali zamonning o‘zi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda. Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va g‘alabalarimizning mustahkam asosidir», deyiladi tabrik so‘zida.
Prezidentning ta’kidlashicha, hozirgi murakkab davrda Vatan mustaqilligini, xalq osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudrat, Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda.
«Fursatdan foydalanib, fashizm balosini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni bugungi shonli bayram bilan samimiy tabriklab, ularga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz», deyiladi tabrik so‘zida.