Toshkentda prokuratura xodimlari G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi

G‘alaba bog‘idagi «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘yildi. Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Faxriylar qabri ziyorat qilindi, marhum faxriylarning oila a’zolari ahvolidan xabar olindi.

May 9, 2026 - 07:52
 0  514
Toshkentda prokuratura xodimlari G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi

Prezidentning «9-may xotira va qadrlar kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Bosh prokuratura, Toshkent shahri, Transport va Harbiy prokuraturasi tomonidan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, 8 may kuni Bosh prokuratura rahbariyati va jamoasi, Toshkent shahar prokuraturasi, Harbiy va Transport prokuraturalari, shuningdek uning huzuridagi faxriylarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash markazi faxriylari, Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurishdi. An’anaga muvofiq, «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘yilib, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Qayd qilinishicha, 1941-1945 yillarda prokuratura organlarida jami 500 nafar xodim faoliyat yuritib, ularning qariyb 80 foizi yoki 400 nafari urushga jalb qilingan qolgan 100 nafari front ortida mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy masalalariga ayniqsa frontga yetkazilishi lozim bo‘lgan resurslarni ishlab chiqarilishini ta’minlash, O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa muhim sohalarga jalb qilingan.

Kun tartibining keyingi yo‘nalishida barcha faxriylar va xodimlar birgalikda muqaddam prokuratura tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi davrida jasorat ko‘rsatgan, shu bilan birga front ortida sadoqat bilan xizmat qilib, qonuniylikni ta’minlagan marhum bir qator prokuratura organlari faxriylari yotgan qabrlar ziyorat qilindi.

Jumladan, dastlab Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan «Minor» qabristonida dafn etilganlarning (Mannanov, Usmonov, Inomjonov va boshqalar) qabri ziyorat qilinib, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Kun tartibining keyingi yo‘nalishida Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan «Chig‘atoy» qabristonida dafn etilgan faxriylar (Ustaboyev, Rashidov, Ro‘zmetov, Sheraliyev va Mustafoyev va boshqalar) poyiga gullar qo‘yilib, xotiralandi.

 

Prokuratura rahbariyati tomonidan marhum faxriylarning oila a’zolari ahvolidan xabar olindi. Bunday tadbirlar, boshqa hududlarda ham davom etmoqda.