AQShda yadroviy bomba sinovi haqida hisobot taqdim etildi

Energetika vazirligi qoshidagi Sandia laboratoriyasi B61-12 yadroviy bombasining sinov parvozlari muvaffaqiyatli o‘tgani haqida hisobot berdi. Sinov chog‘ida F-35 harbiy samolyoti jangovar zaryadsiz bombalarni tashladi. Sinovlar avgust oyida Nevadadagi poligonda o‘tkazilgan.

Noyabr 17, 2025 - 01:34
 0  280
AQShda yadroviy bomba sinovi haqida hisobot taqdim etildi

Qo‘shma Shtatlar Nevada shtatidagi Tonopa poligonida B61-12 yadroviy bombasini sinash muvaffaqiyatli o‘tgani haqida ma’lum qildi. Sinovlar chog‘ida F-35 harbiy samolyoti jangovar zaryadsiz bombalarni tashlagan. Ta’kidlanishicha, sinovlar 19–21 avgust kunlari Nevadadagi poligonda o‘tkazilgan. Bu haqda 13 noyabr kuni AQSh Energetika vazirligi qoshidagi Sandia laboratoriyasi xabar berdi.

Sandia laboratoriyasiga ko‘ra, sinov parvozlari yadroviy arsenal ishonchliligini yillik baholash va uchuvchilar tayyorgarligini ta’minlash doirasida o‘tkazilgan. Laboratoriya ma’lumot berishicha, 2024 yil oxirida AQShda B61-12 bombalarini qurol-aslaha tarkibida ushlab turish muddati yana 20 yilga uzaytirilgan.Oq uy rahbari Donald Tramp 14 noyabr kuni AQShda yadroviy sinovlarni qayta boshlash niyatini tasdiqladi. OAV vakillarining bu qachon sodir bo‘lishi haqidagi savoliga Tramp: «Yaqin orada», — deb javob berdi. Reuters agentligi ta’kidlashicha, respublikachi siyosatchi bu sinovlar tarkibida yadroviy jangovar kallaklarni portlatish ham nazarda tutilgan-tutilmaganini aniqlashtirmagan.