iPhone va iPad NATOning maxfiy ma’lumotlari bilan ishlashga ruxsat oldi

Apple Amerika kompaniyasi 26 fevral, payshanba kuni iPhone va iPad qurilmalari NATO davlatlarining axborot xavfsizligi talablariga javob beradigan ilk ommaviy iste’mol (consumer) qurilmalarga aylanganini e’lon qildi.

Mart 1, 2026 - 09:54
 0  42
iPhone va iPad NATOning maxfiy ma’lumotlari bilan ishlashga ruxsat oldi

Bu ulardan maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatmasdan yoki alohida sozlamalar qilmasdan turib, NATO Restricted darajasidagi maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun foydalanish imkonini beradi. Apple press-relizida ta’kidlanishicha, bunday darajadagi davlat sertifikatiga hozirgacha iste’mol segmentidagi hech bir mobil qurilma erishmagan.

Bundan oldin iPhone va iPad Germaniya Federal axborot xavfsizligi idorasi (Bundesamt für Sicherheit in der Informationstechnik, BSI) ekspertlari tomonidan puxta tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng, iOS va iPadOS’ning standart (o‘rnatilgan) himoya vositalaridan foydalangan holda Germaniya hukumatiga tegishli maxfiy ma’lumotlar bilan ishlashga ruxsat olgan edi. Endi iOS 26 va iPadOS 26 ishlaydigan iPhone va iPad NATOning barcha mamlakatlarida shu maqsadlar uchun sertifikatdan o‘tgan.

“Xavfsiz raqamli transformatsiya faqat shundagina mumkinki, axborot xavfsizligi mobil mahsulotlarni ishlab chiqishning eng boshidanoq hisobga olinsa”, — dedi BSI rahbari Klaudia Plattner. “BSI tomonidan Germaniyada maxfiy axborot muhitlarida ishlash uchun iOS va iPadOS platformasi va qurilmalar xavfsizligi qat’iy auditdan o‘tkazilganiga tayanib, biz NATO davlatlari talablariga muvofiqlikni tasdiqlashdan mamnunmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Sertifikatsiya doirasida BSI keng qamrovli texnik baholash, har tomonlama testlar va xavfsizlik bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazib, Apple’ning o‘rnatilgan himoya vositalari NATO davlatlarining operatsion talablariga mos kelishini tasdiqladi. iOS 26 va iPadOS 26 NATOning axborot xavfsizligi mahsulotlari katalogiga kiritildi.

“Bu yutuq Apple xavfsizlikni ta’minlashga doir an’anaviy yondashuvni o‘zgartirganini ko‘rsatadi. iPhone paydo bo‘lishidan oldin himoyalangan qurilmalar faqat ulkan investitsiyalar evaziga maxsus yechimlar orqali yirik davlat va korporativ tuzilmalar uchungina mavjud edi”, — dedi Apple’ning tizim xavfsizligi ishlanmalari bo‘yicha vitse-prezidenti Ivan Krstich.

“Apple barcha foydalanuvchilari uchun dunyodagi eng himoyalangan qurilmalarni yaratdi, va aynan shu himoya vositalari endi NATO davlatlari talablari bo‘yicha o‘ziga xos tarzda sertifikatlangan — sohadagi boshqa hech bir qurilmada bunday emas”, — deya ta’kidladi u.